Muzqaymoq bolalarning eng sevimli shirinliklaridan biri hisoblsnsdi. Ko‘plab ota-onalar esa “Bolaga muzqaymoqni necha yoshdan berish mumkin?”, “U tomoq og‘rig‘ini keltirib chiqaradimi?”, “Qaysi turi xavfsizroq?” kabi savollarga javob izlaydi. Haqiqatdan ham, muzqaymoq nafaqat mazali desert, balki uning tarkibi, miqdori va iste’mol qilish usuli bola salomatligiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, muzqaymoqni to‘g‘ri tanlash va me’yorda berish orqali uning ehtimoliy zararlarini kamaytirish mumkin.
Muzqaymoqning bolalar organizmiga ta’siri, uni qaysi yoshdan boshlab berish mumkinligi, foydali va ehtiyot bo‘lish lozim bo‘lgan jihatlari haqida aholini qiziqtirgan savollar bilan tibbiyot fanlari nomzodi Aqida Nosirova bilan suhbatlashdik.
Bolalarga muzqaymoqni necha yoshdan boshlab berish mumkin?
Pediatrlar odatda muzqaymoqni 1 yoshdan keyin berish mumkinligini ta’kidlaydi. Chunki 1 yoshgacha bolaning hazm qilish tizimi, ichak mikroflorasi va immuniteti hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Erta yoshda muzqaymoq berish allergiya, qorin dam bo‘lishi yoki ich ketishi kabi holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun birinchi marta juda oz miqdorda va tabiiy tarkibli muzqaymoq berish tavsiya etiladi. Ko‘pchilik muzqaymoq tarkibida shakar, sut oqsili, sun’iy aromatizator, bo‘yoq va stabilizatorlar bo‘ladi. Chaqaloq organizmi esa bunday qo‘shimchalarga juda sezgir hisoblanadi. Ayrim bolalarda sigir suti oqsiliga allergiya uchrashi mumkin. Bundan tashqari, sovuq mahsulot ichak faoliyatiga ta’sir qilishi ehtimoli ham bor.
Muzqaymoq tomoq og‘rig‘ini keltirib chiqaradimi?
Ilmiy nuqtai nazardan qaraganda, tomoq og‘rig‘i asosan virus va bakteriyalar sababli paydo bo‘ladi. Muzqaymoqning o‘zi angina chaqirmaydi. Ammo juda sovuq mahsulot tomoq shilliq qavatini vaqtincha ta’sirlantirishi mumkin. Ayrim bolalarda bu noqulaylik, achishish yoki og‘riq hissini kuchaytirishi mumkin. Agar bolada angina, yuqori harorat yoki kuchli yo‘tal bo‘lsa, muzqaymoq taqiqlanadi. Hozirgi zamonaviy tibbiyotda muzqaymoq immunitetni pasaytirishi haqida aniq ilmiy dalil yo‘q. Bolalar kasal bo‘lishiga asosan infeksiyalar sabab bo‘ladi. Lekin sovuq mahsulot ba’zi bolalarda tomoq shilliq qavatini sezgir qilishi mumkin. Shu sababli organizm infeksiyaga moyilroq bo‘lib qolishi ehtimoli bor. Bu esa muzqaymoq to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasal qildi degani emas.
Muzqaymoqning bolalar uchun qanday foydali va zararli tomonlari bor?
Ma’lum darajada foydali jihatlari ham mavjud. Sutli muzqaymoq tarkibida kalsiy, fosfor va ayrim vitaminlar bo‘ladi. Kalsiy bolalarning suyaklari va tishlari rivojlanishi uchun muhim modda hisoblanadi. Shuningdek, muzqaymoq energiya beradi va kayfiyatni yaxshilashi mumkin. Shirin mahsulot iste’mol qilinganda miyada dofamin va serotonin kabi “shodlik gormonlari” faollashishi kuzatiladi.
Muzqaymoqning asosiy zarari uning tarkibidagi yuqori shakar va kaloriya bilan bog‘liq. Ortiqcha iste’mol qilish semirish, tish kariyesi va modda almashinuvi buzilishiga olib kelishi mumkin. JSST bolalar ovqatida erkin shakar miqdorini cheklashni tavsiya qiladi. Chunki ortiqcha shakar bolalar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bolalarga qancha miqdorda muzqaymoq berish mumkin?
Miqdor bolaning yoshiga qarab belgilanadi. 1–3 yoshli bolalarga 20–50 gramm atrofida, 4–7 yoshli bolalarga 50–70 gramm, kattaroq bolalarga esa 100 grammgacha berish mumkin. Uni har kuni emas, balki ba’zan desert sifatida berish yaxshiroq hisoblanadi.
Har kuni muzqaymoq yeyish tavsiya etilmaydi. Chunki muntazam ko’p miqdorda shakar va kaloriya qabul qilinishi ortiqcha vazn yig‘ilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa kam harakat qiladigan bolalarda bu xavf yuqori bo‘ladi. Eng yaxshi usul — muzqaymoqni haftasiga bir necha marta cheklangan miqdorda berishdir.
Qaysi turdagi muzqaymoq bolalar uchun yaxshiroq?
Tabiiy tarkibli va shakari kam bo‘lgan muzqaymoqlar eng yaxshi tanlov hisoblanadi. Mevali pyure asosida tayyorlangan yoki yogurtli muzqaymoqlar ko‘p
roq tavsiya qilinadi. Uy sharoitida tayyorlangan muzqaymoq esa eng xavfsiz variantlardan biri sanaladi. Chunki uning tarkibini ota-ona nazorat qiladi.
Juda yorqin rangli, juda shirin, ko‘p shokolad yoki sun’iy qo‘shimchalar qo‘shilgan muzqaymoqlardan ehtiyot bo‘lish lozim. Arzon va sifatsiz mahsulotlarda trans yog‘lar va sun’iy moddalar ko‘p bo‘lishi mumkin. Bu esa bolalar salomatligi uchun zararli hisoblanadi.
Uy sharoitida tayyorlangan muzqaymoq foydalimi?
Albatta. Uyda tayyorlangan muzqaymoqda ortiqcha shakar, konservant va sun’iy qo‘shimchalar bo‘lmaydi. Masalan, banan, yogurt va mevalardan foydali muzqaymoq tayyorlash mumkin. Bu usul vitaminlarni saqlashga ham yordam beradi.
Eng muhim qoidalar — me’yorni saqlash, sifatli mahsulot tanlash va bolaning salomatligini kuzatib borishdir. Juda sovuq muzqaymoqni darhol berish emas, balki bir necha daqiqa yumshatib va ilitib berish yaxshiroq. Shuningdek, muzqaymoqdan keyin og‘izni chayish yoki tish yuvish kariyes xavfini kamaytiradi!
Xulosa qilib aytganda — Muzqaymoq bolalar uchun to‘g‘ri va me’yorda iste’mol qilinsa, odatda xavfli emas. U ma’lum miqdorda energiya va kalsiy berishi mumkin. Biroq ortiqcha shakar, yuqori kaloriya va sun’iy qo‘shimchalar salomatlikka zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun ota-onalar muzqaymoq tanlashda uning tarkibiga e’tibor berishi, bolaga yoshiga mos miqdorda berishlari va tabiiy mahsulotlarni afzal ko‘rishlari muhim hisoblanadi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati